Murojaatlar haqida umumiy tushuncha
O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 11-sentabr kunidagi O‘RQ-445-sonli «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi qonunining 5-moddasida murojaatlarning shakllari va turlari ko’rsatilgan. Bunga asosan murojaatlar og‘zaki, yozma yoxud elektron shaklda bo‘lishi mumkin. Arizalar, takliflar va shikoyatlar murojaatlarning turlari hisoblanadi. Murojaatlar, ularning shakli va turidan qat’i nazar, bir xil ahamiyatga ega bo‘ladi.
Murojatlarning quyidagi turlari mavjud: ariza, taklif va shikoyat
Murojaatning dublikati — ayni bir jismoniy yoki yuridik shaxs murojaatining ko‘chirma nusxasi.
Jismoniy shaxsning murojaatida jismoniy shaxsning familiyasi (ismi, otasining ismi), uning yashash joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.
Yuridik shaxsning murojaatida yuridik shaxsning to‘liq nomi, uning joylashgan yeri (pochta manzili) to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.
Jismoniy va yuridik shaxsning murojaatida davlat organining, tashkilotning aniq nomi, murojaat yuborilayotgan mansabdor shaxsning lavozimi va (yoki) familiyasi (ismi, otasining ismi) ko‘rsatilgan, shuningdek murojaatning mohiyati bayon etilgan bo‘lishi kerak.
Murojaatlarda murojaat etuvchilarning elektron pochta manzili, aloqa telefonlari va fakslari raqamlari ko‘rsatilishi mumkin.
Murojaatlar davlat tilida va boshqa tillarda berilishi mumkin.
Yozma murojaat murojaat etuvchi jismoniy shaxsning imzosi yoki murojaat etuvchi yuridik shaxs vakolatli shaxsining imzosi bilan tasdiqlangan bo‘lishi lozim. Jismoniy shaxsning yozma murojaatini murojaat etuvchining imzosi bilan tasdiqlash imkoni bo‘lmagan taqdirda, bu murojaat uni yozib bergan shaxsning imzosi bilan tasdiqlanib, uning familiyasi (ismi, otasining ismi) ham qo‘shimcha ravishda yozib qo‘yilishi kerak.
Murojaat etuvchilarning vakillari orqali berilgan murojaatlarga ularning vakolatlarini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi.
Shovot tumani YXKM
bosh yuristkonsulti T.Davletov