Umumiy harbiy majburiyatni bajarishi va harbiy
xizmatni o‘tash
Harbiy xizmat-O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining Qurolli Kuchlar safida umumiy harbiy majburiyatni bajarish borasidagi davlat xizmatining alohida turidir.
Tinchlik davrida oddiy askarlar va serjantlar tarkibi lavozimlarida muddatli harbiy xizmatga, shuningdek safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga o‘n sakkiz yoshdan yigirma etti yoshgacha bo‘lgan, salomatligiga ko‘ra Qurolli Kuchlar safida harbiy xizmatni o‘tashga yaroqli erkak fuqarolar chaqiriladilar.
Umumiy harbiy majburiyat fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasini himoya qilishga majburiy harbiy tayyorgarligidan iborat bo‘ladi hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safini to‘ldirishni va ularning rezervini tayyorlashni ta’minlash maqsadida joriy etiladi.
Umumiy harbiy majburiyat fuqarolarni harbiy xizmatga tayyorlashni, harbiy xizmatga chaqirishni (kirishni), chaqiruv yoki kontrakt bo‘yicha harbiy xizmat o‘tashni, rezervdagi xizmatni, muqobil xizmatni, harbiy ro‘yxatdan o‘tish qoidalariga rioya etishni, favqulodda vaziyatlarda yoki O‘zbekiston Respublikasiga qarshi harbiy tajovuz bo‘lgan taqdirda aholini muhofaza etish tadbir-choralarini qamrab oladi.
Qonunga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining quyidagi fuqarolari, xususan:
- harbiy xizmatga chaqiriladigan va tuman (shahar) chaqiruv uchastkalarida qayd etilgan shaxslar — chaqiriluvchilar;
- haqiqiy harbiy xizmatdagi shaxslar — harbiy xizmatchilar;
- Qurolli Kuchlarning rezervi yoki zaxirasidagi shaxslar — harbiy xizmatga majburlar;
- turli sabablarga ko‘ra harbiy ro‘yxatga olinmagan yoki harbiy ro‘yxatdan chiqarilgan, shu jumladan iste’fodagi shaxslar — harbiy xizmatga majbur bo‘lmagan shaxslar deb ataladi.
Haqiqiy harbiy xizmat chaqiruv yoki kontrakt bo‘yicha oddiy askarlar, serjantlar va ofitserlar tarkibi lavozimlarida Qurolli Kuchlar safidagi harbiy xizmatdir.
Umumiy harbiy majburiyat O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yoki vaqtincha yashayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga tatbiq etilmaydi.
Shovot tumani YXKM
boshlig‘i K.Ismailov