Mualliflik huquqi qanday huquq?
Mualliflik huquqi ijodiy faoliyat natijasi bo‘lmish fan, adabiyot va san’at asarlariga nisbatan, ularning maqsadi va qadr-qimmati, shuningdek ifodalanish usulidan qat’i nazar, tatbiq etiladi.
Mualliflik huquqi quyidagi biron-bir ob’ektiv shaklda bo‘lgan oshkor qilingan asarlarga ham, oshkor qilinmagan asarlarga ham tatbiq etiladi:
- yozma (qo‘lyozma, mashinkalangan yozuv, notali yozuv va hokazo);
- og‘zaki (omma oldida so‘zlash, omma oldida ijro etish va hokazo);
- ovozli yoki video yozuv (mexanik, magnitli, raqamli, optik va hokazo);
- tasvir (rasm, eskiz, manzara, tarh, chizma, kino-, tele-, video- yoki fotokadr va hokazo);
- hajmli-fazoviy (haykal, modelь, maket, inshoot va hokazo);
- boshqa shakllardagi.
Mualliflik huquqi g‘oyalar, printsiplar, uslublar, jarayonlar, tizimlar, usullar yoki kontseptsiyalarga emas, balki ifoda shakliga nisbatan tatbiq etiladi.
Mualliflik huquqi ob’ektlari jumlasiga quyidagilar kiradi:
- adabiy asarlar (adabiy-badiiy, ilmiy, o‘quv, publitsistik va boshqa asarlar);
- dramatik va stsenariy asarlar;
- matnli va matnsiz musiqa asarlari;
- musiqali-dramatik asarlar;
- xoreografiya asarlari va pantomimalar;
- audiovizual asarlar;
- rangtasvir, haykaltaroshlik, grafika, dizayn asarlari va boshqa tasviriy san’at asarlari;
- manzarali-amaliy va sahna bezagi san’ati asarlari;
- arxitektura, shaharsozlik va bog‘-park barpo etish san’ati asarlari;
- fotografiya asarlari va fotografiyaga o‘xshash usullarda yaratilgan asarlar va boshqalar.
Vakolatli organ rasmiy hujjat tayyorlash uchun loyihadan, basharti loyiha uni ishlab chiqqan shaxs tomonidan e’lon qilingan yoki tegishli organga yuborilgan bo‘lsa, mazkur shaxsning roziligisiz foydalanishi mumkin.
Loyiha asosida rasmiy hujjatlar, ramzlar va belgilar tayyorlash chog‘ida rasmiy hujjat, ramz yoki belgi tayyorlayotgan organning xohishiga ko‘ra loyihaga qo‘shimchalar va o‘zgartishlar kiritilishi mumkin.
Vakolatli organ loyihani ma’qullaganidan keyin loyihadan uni ishlab chiqqan shaxsning ismi-sharifini ko‘rsatmagan holda foydalanish mumkin.
Shovot tumani YXKM
bosh yuristkonsulti A.Duschanov