Migrantlar huquqlarini himoya qilish
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Migratsiya jarayonlarini boshqarish tizimini isloh qilish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 2024-yil 17-oktabrdagi PF-162-son Farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi davlat muassasasi (keyingi o‘rinlarda – Agentlik) faoliyati tartibga solinadi.
Agentlik xorijiy mehnat sohasida davlat siyosatini amalga oshiruvchi, davlat organlarining ushbu yo‘nalishdagi faoliyatini muvofiqlashtiruvchi va mazkur sohada davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi.
Agentlik respublika milliy manfaatlarini inobatga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining mehnat migratsiyasi jarayonlarini tartibga solish va ularni xorijga tashkillashtirilgan holda yuborish tartibi to‘g‘risidagi xalqaro huquq normalari va qoidalariga asoslangan faoliyatni amalga oshiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Agentlikning muassisi hisoblanadi.
Agentlik xorijda vakolatxonalarini va respublikada alohida yuridik maqomga ega bo‘lmagan hududiy boshqarmalarini belgilangan tartibda tashkil etadi.
Agentlikning asosiy vazifalari hisoblanadi:
- tashqi mehnat migratsiyasi jarayonlarini kompleks tartibga solish, fuqarolarni chet elga vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun tashkillashtirilgan holda yuborish ishlarini nazorat qilish va chet elga vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun chiqib ketgan fuqarolarning hisobini yuritish;
- xususiy bandlik agentliklarining O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida ish qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha faoliyatini litsenziyalash, litsenziya talablari va shart-sharoitlariga rioya etilishini nazorat qilish;
- migratsiya sohasida xalqaro loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish, fuqarolarni xorijda vaqtincha ishga joylashtirish va ularning mehnat huquqlarini ta’minlash masalalari bo‘yicha chet davlatlarining vakolatli organlari bilan hamkorlik qilish;
- xorijiy ish beruvchilarning talablaridan kelib chiqib kasbga tayyorlash va chet tilini o‘rgatish ishlarini tashkil qilish, rivojlangan davlatlarda tan olinadigan malakani baholash va sertifikatlash tizimlarini joriy qilish;
- chet elga vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish vaqtida huquqlari buzilgan, murakkab moliyaviy va boshqa qiyin ahvolda qolgan fuqarolarni qonunchilikda belgilangan tartibda huquqiy va ijtimoiy himoya qilish, ularni O‘zbekiston Respublikasiga qaytarishga ko‘maklashish;
- O‘zbekistonning xorijdagi va chet mamlakatlarining respublikamizdagi diplomatik muassasalar bilan doimiy hamkorlik qilish, xorijdagi diasporalar va vatandoshlar bilan aloqalarni kengaytirish.
Agar Siz migratsiya masalalari bo‘yicha muammoga duch kelgan bo‘lsangiz yoki migratsiyaga oid savollaringiz bo‘lsa, "1282" qisqa raqami orqali murojaat qilishingiz mumkin.
Shovot tumani YXKM
bosh yuristkonsulti T.Davletov