
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 28-martdagi “Bolalarni davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 244-son qarori bilan tasdiqlangan reglament asosida Maktabgacha ta’lim agentligi tomonidan bolalarni maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatib kelinmoqda.
Bugungi kunda fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida Adliya vazirligi va Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda maktabgacha ta’lim tashkilotlari uchun yo‘llanmalar shakllanganda ota-onalarga SMS xabar orqali ariza raqami va maxfiy kod yuborilishi yo‘lga qo‘yildi. Bu esa o‘z navbatida fuqarolarga davlat xizmatlari ko‘rsatilishida turli byurokratik to‘siqlar hamda korrupsion holatlarning oldi olinishini ta’minlaydi.
Yaratilgan imkoniyatlarni keng jamoatchilikka to‘g‘ri yetkazish maqsadida joriy yil 1-noyabr kuni Adliya vazirligi bilan hamkorlikda onlayn seminar o‘tkazildi.
Seminarda tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshliqlari, mas’ul xodimlar hamda davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktorlari ishtirok etib o’zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.